Asosiy bo'lim
Do'stlar
Mehmonhona
Chat
Sayt haqida

Aloqa

Islom
Aqoid
Qu'roni Karim
Hadis
Tarih
Ashoblar
   
Umumiy bo'lim
Downloadlar
Qiziqarli!
SMS lar
Kino olami
Latifalar
Shov-biznes
Tehnologiya
Windows XP
Microsoft Office
Internet
Programmalar...

 

 

Eng ommabop maqolalar:
Putinning vorisi kim? Qurondan tasirlanib...
Windows XP haqida qisqacha... Fatvolar
Al-kimyogar Sms yozayotgan bolakay
Muhabbat qaridimi? Internetdan nimaga foydalansiz?
Dunyoni o'zgartirgan odam kim? Insonlarga eng ko'p foydasi tekkan inson?
Arafa tunidagi qotillik
ARAFA TUNIDAGI QOTILLIK
Tongda esa... Bir kosa qaymoq sut ko‘tarib ovsinini uyg‘otishga kirgan xonadonning kichik kelini Halovatning yurakni o‘rtovchi faryodi butun mahallani tutdi. Bir pasda Kenjaevlar xonadonini qamrab olgan to‘s-to‘polon shaharni oyoqqa tur­g‘azadi. Voqeadan birinchi bo‘lib xabar topgan Tursun bobo Kenjaevning yaqin qo‘shnisi Mengliboy ota ichkariga kirdi-yu qonga belanib yotgan to‘rt murda va bir nafar chalajon jasadni ko‘rib dahshatdan dong qotdi...
 
 
Jinoyatchilar hatto bolalarga ham shafqat qilmadilar
... 2005 yil, 19 mart. Viloyat markazi Termizda Navro‘z bayrami zo‘r shodiyona tarzda o‘tkazildi. Unda har galgidek, “Boysun” folklor-etnografik ansambli a’zolari ham ishtirok etishdi. Biroq butun kontsert davomida boysunlik san’atkorlarning yuz-ko‘zlari kulib turgan bo‘lsa-da, qalblari yig‘lagani, ular bu tadbirni uzoq vaqt qayg‘u va alam bilan eslab yurishlarini tomoshabinlar bilmasdi hali.
2006 yil, 5 oktyabr. Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi jinoyat olamida kamdan-kam sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan qotillik ishi yuzasidan hukm chiqardi. Butun boshli oilani yo‘q qilgan ashaddiy qotillar g‘arazli maqsadlari yo‘lida hatto norasida bolalarga ham shafqat qilishmagan edi...
2005 yil, 18 mart. Tuman markazida o‘tkazilgan Navro‘z bayrami tantanalarida o‘g‘li Abduqodir bilan xizmat qilgan hofiz uyga kech qaytdi. Aslida shu kuniyoq boshqa hamkasblari qatori Termizga jo‘nab ketishi lozim edi. Biroq bir oz salomatligi bo‘lmayotgani bois safarni ertalabga qoldirdi.
Kechki ovqatni birga baham ko‘rishgach, oila bekasi bayram safariga taraddud ko‘rayotgan turmush o‘rtog‘ining kiyimlarini dazmollashga kirishdi. Ota esa o‘g‘li Abduqodir bilan ertangi ijro etishadigan qo‘shiqni repetitsiya qilib olishdi.
Kun bo‘yi davom etgan Navro‘z saylidan olam-olam zavq-shavq olib qaytgan boysunliklar qatorida Kenjaevlar xonadoni ham ertangi kunni qanday xabar bilan kutib olishlaridan bexabar, xotirjam uyquga ketishadi...
Tongda esa... Bir kosa qaymoq sut ko‘tarib ovsinini uyg‘otishga kirgan xonadonning kichik kelini Halovatning yurakni o‘rtovchi faryodi butun mahallani tutdi. Bir pasda Kenjaevlar xonadonini qamrab olgan to‘s-to‘polon shaharni oyoqqa tur­g‘azadi. Voqeadan birinchi bo‘lib xabar topgan Tursun bobo Kenjaevning yaqin qo‘shnisi Mengliboy ota ichkariga kirdi-yu qonga belanib yotgan to‘rt murda va bir nafar chalajon jasadni ko‘rib dahshatdan dong qotdi...
O‘zining butun hayotini yosh avlod tarbiyasiga baxshida qilgan keksa pedagog Tursun Kenjaev xonadonida tarbiya topgan, endigina el og‘ziga tushgan, “Boysun” folklor-etnografik ansamblining xushovoz xonandasi Abdurashid Kenjaevni oila-a’zolari bilan birgalikda jismonan yo‘q qilish kimga kerak bo‘lib qoldi? Bunday qabih jinoyatdan kim manfaatdor bo‘lishi mumkin?
O‘sha kuniyoq voqea joyiga yetib kelgan Surxondaryo viloyat prokuraturasining tezkor-tergov guruhi a’zolari ishni dast­lab ana shu savollarga javob izlashdan boshlashdi. Xonadon sohibi Tursun boboning guvohlik berishicha, uning jigarbandi Abdurashid shu paytgacha hech kim bilan ixtilofga bormagan, biror-bir jinoiy guruh yoki bezorilar to‘dasi bilan aloqada bo‘lmagan. Umuman, ushbu jinoyatda xonadon ahli gumon qilishi mumkin bo‘lgan qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlar yo‘q hisobi. Biroq bunday vaziyatda, odatda, tezkor guruh uchun har bir kichik shubhali holat ham e’tibordan chetda qolishi mumkin emas. Xususan, qotillik jinoyati sodir etilgan joydagi umumiy ahvol ushbu qabihlik moddiy manfaat ko‘rish uchun amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin degan dastlabki taxminni keltiradi. Shundan so‘ng yaqin devor-darmiyon qo‘shnilarni tergov qilish bilan ish boshlagan tezkor tergov guruhi a’zolari o‘sha kuniyoq jinoyatchilar iziga tushishga muvaffaq bo‘lishadi. Zotan, tezkor guruhning dastlabki taxminlari haqiqatga yaqinroq bo‘lib chiqdi: mudhish o‘lim rejasi Kenjaevlar xonadoniga tutash hovlida tuzilgan edi.
Aslida, ushbu mahalla xonadonlari orasida azaldan devor urish ko‘p ham urf bo‘lmagan. Jumladan, Tursun Kenjaev hamda u kishining uzoq yillik hamsoyasi Xolmurod Jo‘raevlar hovlisi ham bir-biridan oddiy simto‘r to‘siq bilan ajratilgan. Har ikkala xonadon ahli go‘yoki bir hovlida yashayotgandek umrguzaronlik qilib kelishgan. Lekin shunday bo‘lsa-da, har ikki oilaning yashash tarzi, topish-tutishiyu dunyoqarashi keskin farq qilgan. Xususan, X. Jo‘raev ko‘proq vaqtini xizmat safarida (Termizdagi uyi­da) o‘tkazgani bois uning o‘g‘li Sherali aksariyat uyda yolg‘iz qolar, boz ustiga tayinli joyda ishlab ko‘rmagandi. Oqibatda uning asosiy vaqti bekorchilik, ba’zan bezori bolalar to‘dasiga qo‘shilish bilan o‘tib turgan. Xuddi ana shu muhit uning jinoyat ko‘chasiga kirib qolishiga zamin yaratgan bo‘lsa ajabmas.
Sherali o‘ziga to‘q oilada yashaganligi uchun pulga u qadar muhtoj bo‘lmagan. Ammo yaqin qo‘shnisi Abdurashid Kenjaevning ukasi Baxtiyor Koreya davlatida ancha vaqt­dan buyon ishlab kelayotgani uni bezovta qilar, xorijda ishlayotganlar uncha-muncha sarmoya yuborishayotgani haqidagi uzunquloq gaplarni eshitgani sayin shundoqqina ro‘parasidagi uy unga sir-sinoatlarga to‘la ko‘rinar, ko‘nglidan allanechuk fikrlar o‘tardi. Ayniqsa, Baxtiyor Kenjaev telefoni orqali turmush o‘rtog‘i Halovatga akasi Abdurashid nomiga pul jo‘natayotgani haqidagi xabar yetkazganligini eshitgach esa Sheralining paytavasiga qurt tushib qoladi. Axir kun ora otasining qo‘liga qaragani qayoqda-yu, birato‘la millionlarga egalik qilish qayda? Lekin ko‘ngildan kechgan qora niyatni yakka amalga oshirish mushkul bo‘lgani uchun ham masalaning bu tomonini pishiqroq o‘ylab ko‘rish, o‘ziga mos sherik izlab topish lozim edi.
2005 yilning 25 fevralida Sherali amakivachchasi Ulug‘bek Jo‘raevga uchrashib undan qurol topib berishni so‘raydi. Avvaliga qurol berishdan bosh tortgan Ulug‘bek Sheralining pul taklif qilganiga ko‘nib, uyida noqonuniy saqlab kelayotgan TOZ-8-M rusumdagi o‘qotar qurolni chiqarib beradi. Sherali qurolni cho‘ponlari uchun sotib olayotganligini ta’kidlab, uyiga qaytadi. Biroq taxminan 15 mart kuni u yana Ulug‘bekning oldiga keladi va qo‘shnisi Abdurashid Koreyada ishlayotgan ukasi Baxtiyordan anchagina mablag‘ kutayotganligi xabarini yetkazib, oldindan o‘ylab yurgan qabih niyatlarini yoriladi. Tayinli joyda muqim ishlamagan Ulug‘bek ham pulning daragini eshitib tabiiyki, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Agar Sherali uning maslahatiga ko‘nib birgalikda Abdurashidning uyiga bosqinchilik qilsa, pulni bo‘lishib olishlarini taklif qiladi. Bu taklif Sheralining ayni ko‘nglidagi gap bo‘lib, ko‘pdan rejalashtirib yurgan jirkanch niyatini amalga oshirishda eng qulay imkoniyat edi. Qolaversa, har ikki nobakor ko‘nglini bir narsa — boylik va mo‘may pul vasvasasi qamrab olgani bois ham ular bir zumda til topishadi. Oqibatda, shu tun ikkovlon nafaqat Kenjaevlar xonadoni, balki eshitgan har qanday inson qalbini larzaga solishi mumkin bo‘lgan mudhish o‘lim rejasini tuzishadi. Faqat uni amalga oshirish uchun qulayroq fursat kelishini kutishga to‘g‘ri kelardi.
O`sha tundan boshlab o‘z amakivachasidan katta miqdordagi pulning daragini eshitgan Ulug‘bek Jo‘raev ham Sherali Jo‘raev kabi halovatini yo‘qotadi-yu, birgalikda rejalashtirilgan “ish” uning butun fikru xayolini qamrab oladi. Shu orada Navro‘z bayramiga taraddud ko‘rayotgan Abdurashidning bir-ikki kun ko‘rinmay qolishi esa uni yanada bezovta qila boshlaydi. Uning taxminicha, go‘yo Abdurashid ukasi jo‘natgan pullarni olib kelish uchun ketganligi bois ko‘rinmay qolgan bo‘lishi mumkin. Agar Navro‘z bayrami nishonlanadigan tunda “ish”ni amalga oshirishmasa, ertasiga Abdurashid Termizda o‘tkaziladigan bayram kontsertiga jo‘nab ketishi, binobarin, rejani amalga oshirish yanada mushkullashuvi mumkin. Bu — Ulug‘bekning uzil-kesil qarori edi.
18 martdan 19 martga o‘tar kechasi tungi soat ikkilarda Sheralini uyg‘otgan Ulug‘bek uning uyida saqlanayotgan (o‘zi sotgan) miltiq va o‘n dona o‘qni olib ikkovlon birgalikda A. Kenjaevning hovlisiga o‘tishadi. Avval kelishilganidek, Sherali deraza mixlarini sug‘urib, oynalarni oladi. Uyga kirib olishgach esa har qanday tashqi xavfdan ogoh etish uchun Sheralini ayvonda qoldirgan Ulug‘bek bolalar yotoqxonasidan avaylab ichki yotoqqa o‘tadi. Reja bo‘yicha avvalo Abdurashid va uning turmush O‘rtog‘i Mavludani yo‘q qilish kerak edi. Chunki ishni bolalar yotog‘idan boshlash ancha xavfli bo‘lib, shovqindan ota-onalarning uyg‘onib qolishi tufayli qotillar rejasi barbod bo‘lardi. Shuning uchun u ichki yotoqga kirib olgach, hech ikkilanmay, sharpadan uyg‘ongan Abdurashid o‘ziga kelib nima voqea ro‘y berayotganligini anglashga ulgurmay birinchi o‘qni uning qoq peshonasiga yo‘llaydi...
Qotillik jinoyati olamini uzoq yillar o‘rgangan kriminalist — mutaxassislar hamda ruhshunoslar fikricha, har qanday qotil (agar u birinchi marta jinoyatga qo‘l urayotgan bo‘lsa-da) jinoyatni amalga oshirayotgan chog‘da o‘z harakatlari fosh etilish vaziyati paydo bo‘lib qolguday bo‘lsa, uning oldini olish, guvoh qoldirmaslik maqsadida barcha razillikdan qayt­maydi, insoniy hissiyotlar chegarasidan chiqib, hayvoniy hissiyotlar iskanjasida qolganini ham sezmay qolishi mumkin ekan. Balki shuning uchun ham Abdurashidni “tinchitgan” Ulug‘bek o‘q ovozidan uyg‘ongan Mavludaning nolayu fig‘onlarini eshitish hissidan tamoman mahrum bo‘lgandir, shu topda. Boylik va pul vasvasasi tutgan qotil qalbida peshonasiga qurolning sovuq mili tiralgan, o‘lim sharpasini muqarrar bilgan zaifaning titrab-qaqshaganlarini his qilish uchun sabr-toqat, bardosh qolmagandir o‘shanda. Bunday vaziyatda, tabiiyki, mushtipar ona hech bo‘lmaganda voyaga yetmagan murg‘ak bolalari hayotini saqlab qolish uchun biror bir  chora izlashga harakat qilgandir. Biroq, afsuski, ko‘zlari qonga to‘lgan qotilda bolalari hayoti uchun o‘zining shirin joni ham ko‘ziga ko‘rinmagan ayol nolasini eshitishga fursat yo‘q edi. Natijada, ayolning peshonasiga botgan ikkinchi o‘q tufayli uning aytolmagan armonlari ochiq ko‘zlarida abadiy qotib qoladi...
Uy yopiq ayvonli bo‘lganligi sabab ichkari xonalarda ro‘y barayotgan xunrezlik va to‘s-to‘polon yarim tunda qo‘shni uylargacha yetib bormasligiga ko‘zi yetgan qotillar jirkanch niyatlarini amalga oshirish uchun taxminan necha kishining umriga zavol bo‘lishlarini oldindan juda yaxshi bilishgan ko‘rinadi. Ularning A. Kenjaev xonadoniga yarim tunda bostirib kirishdan avval o‘zlari bilan o‘n dona jangovar o‘q olishlari ham buni isbotlab turibdi. Qolaversa, yarim soat vaqt oralig‘ida o‘ta sovuqqonlik bilan butun boshli bir oilani qirib tashlash uchun har qanday jinoyatchi avvalo bunga ruhan tayyor bo‘lishi kerak. Demak, bundan xulosa qilish mumkinki, amakivachchalarning ushbu qilmishlari ham tasodifiy bo‘lmay, balki uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan, o‘zlari sodir etajak jinoyat ko‘lami va oqibatini oldindan anglagan holda shunga ruhan tayyorlangan chiqadilar. Bu ularning begunoh norasida go‘daklarni ham shaf­qatsizlarcha otib o‘ldirganlarida yaqqol ko‘rinib turibdi.
Er-xotin Kenjaevlarni o‘ldirgach, qotil o‘sha tunda chiroqlar o‘chirilganligi vaziyatidan kelib chiqib (jinoyatchilar tungi qo‘l fonarlaridan foydalanishgan) hech bo‘lmaganda bolalar hayotiga daxl qilmay ham maqsadga erishishi mumkin edi. Biroq avvaldan o‘ylangan reja bunga yo‘l qo‘ymasdi, binobarin, bu xonadonda ro‘y berayotgan jinoyat izi (tirik guvoh) qolmasligi lozim edi. Shuning uchun qotil ichkari xobgohda, ota-onasi bag‘rida shirin uyquda yotgan sakkiz yashar Zarinani ham bosh qismiga otib uning murg‘ak umriga zomin bo‘ladi. Faqat tasodif tufayligina zulmat qorong‘uligida ko‘rpa qatida qolgan uch yashar Zebiniso o‘lim changalidan omon qolgan.
Ichki yotoqxonadan qonga botib chiqqan qotil bolalar xonasiga o‘tgan chog‘da ayvonda qolgan Sherali bezovta bo‘la boshlaydi va Tursun boboning uyida qandaydir sharpa ko‘rinayotganligini aytib, tezroq ishni oxiriga yetkazishga shoshiradi. Shu fursatda shovqindan uyg‘onib qolgan oilaning katta farzandi Abduqodir: “Tohir aka, (Tohir — Ulug‘bekning ikkinchi ismi) sizni tanidim, nima qilyapsiz?!” deya qotilga tashlanishga harakat qiladi. Bunday holni kutmagan jinoyatchi shoshgancha tepkini bosadi, biroq o‘q xato ketganligini ko‘rib, o‘rnidan turgan Abduqodirning peshonasiga miltiq qo‘ndog‘i bilan ketma-ket qattiq zarba beradi... Oradan 5-6 soniya o‘tar-o‘tmas akasining dodlagan ovozidan cho‘chib uyg‘ongan Abduqodirning ukasi Humoyun ham qanshariga tekkan o‘qdan qotil oyoqlari ostiga jonsiz yiqiladi.
Jinoyatchilar jirkanch niyatlarini amalga oshirib bo‘lgach, qo‘l fonari yordamida butun uyni ostin-ustun qilishadi. Besh nafar begunoh umr zavoli evaziga qo‘lga kiritilajak boylik shundoq oyoqlari ostida edi go‘yo. Ammo barchasi zoe ketdi. Negaki, olis xorijdan kutilgan o‘sha pullar hali yetib kelmagandi...
Arafa tongi xabarini berib qo‘shni hovlidagi xo‘rozlar uchinchi marta qichqirgan pallada qo‘llari inson qoniga belangan shafqatsiz qotillar o‘g‘irlangan 400 ming so‘m pul hamda “DAEWO” rusumli videomagnitafonni olib, Kenjaevlar xonadonini shoshilinch tark etishadi. Negaki, ular tong bo‘zarguncha jinoyat izlarini yashirishga ulgurishlari kerak edi. Biroq ikki nobakor qotillar bir narsani — bu dunyoda har qanday jinoyat uchun ertadir-kechdir jazo muqarrar ekanligi, hech bir jinoyat izsiz qolib ketmasligini unutishgan edi, chog‘i.
... Qotillar mo‘may boylik ort­tirish niyatida ushbu jinoyatga qo‘l urganlari to‘g‘risidagi dast­labki taxmin ilgari surilgach, tezkor-tergov guruhi a’zolarini o‘sha kuniyoq birinchi nav­batda, yaqin qo‘ni-qo‘shnilar, avval mayda jinoyatchilik va bezorilikda gumon qilingan mahalladoshlar haqidagi dastlabki ma’lumotlar qiziqtira boshlaydi. Xususan, voqea sodir bo‘lishidan ikki yil muqaddam Tursun Kenjaev o‘z uyida bo‘lgan o‘g‘rilikda yaqin qo‘shnisi
X. Jo‘raevning o‘g‘li Sheralidan gumon qilib tuman IIB ga murojaat qilgani ham e’tibordan chetda qolmaydi. Natijada, dast­labki gumondor sifatida so‘roq qilingan Sherali Jo‘raevning uyi tintuv qilinganda uyning chardog‘idan A. Kenjaevga tegishli videomagnitafon topiladi. Ertasiga esa shu hovlining hojatxonasidan jinoyatni amalga oshirishda foydalanilgan, bo‘laklarga bo‘lib tashlangan TOZ-8-M rusumli o‘qotar qurol, o‘qdan bo‘shagan gilzalar chiqarib olinadi. Keyinchalik ekspertiza xulosasi A. Kenjaev uyi derazasidan olingan barmoq izlari Sh. Jo‘raevga tegishli ekanligi, marhumlar badanidan va jinoyat joyidan topilgan o‘qlar, hojatxonadan topilgan gilzalar bo‘laklarga bo‘lingan xuddi shu quroldan otilgani; hojatxona yaqinida aniqlangan metall kukuni esa jinoyat quroli sifatida ishlatilgan ov miltig‘i stvoli qir­qilganda to‘kilgani, xuddi shunday kukun stvol ichidan ham topilganligini rad etib bo‘lmaydigan dalillar bilan asoslab beradi.
Shunday bo‘lsa-da, har ikki qotil tergov-surishtiruv, shuningdek, sud tergovi davomida imkon qadar o‘z qilmishlarini yashirishga, o‘ta og‘ir jinoyat uchun kutilayotgan jazodan qutilishga urinishardi. Ulardan biri — Ulug‘bek Jo‘raev esa ushbu jinoiy ishda sherik bo‘lganligini umuman tan olmadi ham. Biroq xayriyatki, yashab qolishidan deyarli umidi bo‘lmagan, hatto jinoyatchilar allaqachon “o‘ldi”ga chiqargan Abduqodir Kenjaevning shifokorlar hayotga qaytarishga erishadilar. Garchand u bir umrga nogiron (ko‘zi ojiz) bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, o‘sha mud­hish kechada ichki yotoqxonadagi shovqindan uyg‘ongan chog‘da qoron­g‘u bo‘lishiga qaramay Ulug‘bekni tanib qolgani, hatto uni ikkinchi nomi bilan atab chaqirgani, o‘qotar qurol aynan uning qo‘lida bo‘lgani, unga qarata o‘q otgan, keyinchalik miltiq qo‘ndog‘i bilan urgan ham Ulug‘bek ekanligi haqida sudda o‘z og‘zi bilan ko‘rsatma beradi. Ikkala jinoyatchilar har qancha urinishmasin, tergov-surishtiruv organi va ekspertlar guruhi tomonidan taqdim etilgan ekspertiza xulosalari, daliliy ashyolar, shuningdek, muqarrar o‘limdan omon qolgan, amalga oshirilgan mudhish jinoyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan yagona guvoh Abduqodir Kenjaevning bergan ko‘rsatmalari oldida bosh egishga majbur bo‘lishadi. Oqibatda, sud har ikki qotilning qilmishlariga nisbatan jazo belgilashda ushbu jinoyatning o‘ta shafqatsizlarcha amalga oshirilgani, hatto go‘dak bolalar, voyaga yetmaganlarga ham shafqat qilishmagani; boylik va shaxsiy manfaat yo‘lida jamiyat uchun eng og‘ir sanalgan, bir necha begunoh insonlarning o‘limiga olib keluvchi jinoyat sifatida malakalab unga ko‘ra Ulug‘bek Jo‘raevni oliy jazo — o‘lim jazosiga, Sherali Jo‘raevni 20 yillik qamoq jazosiga mahkum etdi.
Qilmish — qidirmish. Adolatli qonunlarimiz yana bir mud­hish jinoyat uchun jazo belgiladi. Biroq har qancha adolatli bo‘lmasin, bu jazo bir kechada to‘rt nafar oila a’zosidan ayrilgan, g‘am-anduh qaddini dol qilgan ota ko‘ngliga taskin bo‘la olarmikan? Yuraklarda armon bo‘lib cho‘kkan orzularni qayta ro‘yobga chiqara olarmikan? Yoxud bir umr nogiron bo‘lib qolgan noyob iste’dod sohibi Abduqodirga ko‘zlarini qaytarib berarmidi?..
Ba’zan o‘z muammolarimizga o‘ralashib qolgan biz kattalar farzandlarimizning yurish-turishi, odob-axloqi haqida o‘ylamay qolganimiz; mahalladoshimiz noqobil yo‘ldan ketayotganligini bila turib beparvolik qilganimiz; milliy qadriyatlarimiz va axloqimizga to‘g‘ri kelmaydigan maishiy buzuqlik, zo‘ravonlik targ‘ib etilgan behayo filmlarni bolalar bilan qo‘shilishib oila davrasida tomosha qilishga ko‘nikib qolganimiz ulug‘begu sheralisifatlar ko‘payishi uchun zamin bo‘lmayaptimikan, degan mushohadaga borasan kishi. Axir mahalla-kuy, jamiyat oldida turgan ana shu oddiy va bir vaqtning o‘zida juda muhim talabga amal qilishganida, balki qilmishlari yuqorida tilga olib o‘tilgan ikki nobakor farzand ota-onalari yuzini yerga qaratmagan, binobarin, o‘zgalar va o‘zlarining hayotlarini barbod qilmagan bo‘larmidilar?..
Darvoqe, yaqinda ushbu jinoiy ish yuzasidan Surxondaryo viloyat sudi chiqargan hukmni apellatsiya tartibida ko‘rib chiqqan jinoiy ishlar bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi uni o‘zgarishsiz qoldirdi.
Sh. Jo‘raevga amnistiya qo‘llanilib 11 yil ozodlikdan mahrum etildi.

 

 

 

Linklar
www.islom.uz
www.info.islom.uz
www.muslimaat.uz
www.ziyouz.com
www.mustab.narod.ru
www.muslim.uz
www.madrasa.uz
Bannerlar
Hisoblagich
HotLog
So'nggi yangilanish
04.05.2007
Noqulayik...
Saytdagi ma'lumotlar kiril lotin alifbosida yozilib noqulaylik yuzaga keltirganidan uzr so'raymiz...

 

 
Barcha huquqlar himoyalangan. 2006-2007 designed by Hanif.Dizayn mualliflik huquqiga ega.
 
Hosted by uCoz