Asosiy bo'lim
Do'stlar
Mehmonhona
Chat
Sayt haqida

Aloqa

Islom
Aqoid
Qu'roni Karim
Hadis
Tarih
Ashoblar
   
Umumiy bo'lim
Downloadlar
Qiziqarli!
SMS lar
Kino olami
Latifalar
Shov-biznes
Tehnologiya
Windows XP
Microsoft Office
Internet
Programmalar...

 

 

Eng ommabop maqolalar:
Putinning vorisi kim? Qurondan tasirlanib...
Windows XP haqida qisqacha... Fatvolar
Al-kimyogar Sms yozayotgan bolakay
Muhabbat qaridimi? Internetdan nimaga foydalansiz?
Dunyoni o'zgartirgan odam kim? Insonlarga eng ko'p foydasi tekkan inson?
Dohiy va...

 

DOHIY VA... MALLA BOVA
... Qirning betkayida o‘tlab yurgan qo‘ylar ichidan serka yonboshga o‘tib, katta jarning labiga kelib qoldi. Unga ergashib yurgan ko‘k to‘qli bexosdan sirpandi-yu jarga qarab quladi.
— Qo‘sh de! Qo‘sh de!! Qaytar! Qaytar!! Xah, palakat-a!..
Malla bova cho‘chib uyg‘ondi. Xayriyat-ey, tushi ekan. Shu nevarasi Madumar juda o‘yinqaroq bo‘ldi-da. Tinchlikmikin, ishqilib?..
Diltang bo‘lib, nosqovog‘ini oldi. Kaftiga qoqdi. Qovoq bo‘shaganini bilib, battar kayfiyati buzildi:
— Ha, sabil qolgur-a! Kampir, bitta achchiq choy opke!
— Kecha peshinda aytdim-ku, pamil choy ado bo‘ldi deb.
— Obbo!!
Malla bova eshagini minib, Muslimboyning do‘koniga yo‘l oldi. Do‘konchi 3-4 kishi bo‘lib, nimanidir hangomalashib turgan ekan. Malla bova choyni olib, xalacho‘pini qo‘ltig‘iga qisdi-da, tiyinlarini hafsala bilan sanayotgan edi, shu payt do‘konchining oldidagi kichkina radiodan qo‘shiq boshlandi:
Lenin nomi bilan aytaman,
Partiyamga sharaflar bo‘lsin!
Yana takror-takror aytaman,
Partiyamga sharaflar bo‘lsin!
Malla bova deyarli o‘qimagan. Umri tog‘larda qo‘y boqib (qishloqqa ham 10-15 kunda bir kelib) o‘tgan odam, pulniyam 10 so‘mgacha sanay olar, 10 so‘mdan yuqorisiga chalkashib ketar edi. Uyda kichkina nevarasi baland ovozda:
«Lenin Kremlda hamisha biz bilan,
Lenin tiriklardan tirik hamisha!» deb o‘qib yotganlarini eshitib, «Esa Lelin bova Moskovdagi eng katta poshsho ekan-da», deb o‘ylardi. Moskov uzoq dedimi yo nima ajal haydadi bilmay qoldi:
— Qara-ya, — dedi, — shu Lelin bova, Lelin bova deysanlar-u, Lelin bova bo‘lsa, mana, pamil choyni qimmat qilib yuboribdi-ku?..
Do‘kondagilar negadir xuddi chol juda yomon, uyat gapni aytib yuborgandek, avval atrofga, so‘ng bir-birlariga qarab qolishdi. Lekin hech kim hech narsa demadi...
Namozdigar vaqti Malla bova supada achchiq «pamil choy»ni ichib o‘tirgan edi, ikkita formali kishi kelib, «Hozir biz bilan O‘smatga borasiz!» deb tuman markaziga olib ketishdi. Melisaxona shekilli, mashinalar, melisalar ko‘p ekan.
To‘rdagi qora qoplamali eshikka olib kelishdi. Boshliq ekan:
— Grajdanin, Malla Do‘stboev, sizning xalq orasida aksilinqilobiy, buzuq mafkura targ‘ibotini olib borayotganingiz haqida ma’lumotnoma bor!
Albatta, Malla bova boshliqning ko‘p gaplariga umuman tushunmadi. «Pensiyamni oshirayaptimikin?» deb ham o‘yladi-da, javob berdi:
— Burnog‘i yildan beri pensiya olayapman, bolam...
— Boboy, biz sizdan pensiyangizni so‘rayotganimiz yo‘q! Siz jamoat joyda, xususan, 4-do‘konda Partiyaga, dohiy Leninga qarshi shunday-shunday gaplarni aytgansiz, to‘g‘rimi?!
— Yo‘g‘-a, ulim. Ha-a, Muslimboyning do‘konida aytganimni aytyapsizmi? Darrov siz uni qanday eshitdingiz?..
— Grajdanin Do‘stboev!..
— Bolam, men bir miyasi aynigan cholman-da. Bilmay, tushunmay, aytib qo‘yibman. Tavba qildim, bolam, tavba qildim!..
— Hozir bu haqda tushuntirish xati yozib berasiz.
Katta melisa shunday deb bir yoqqa chiqib ketib, ancha hayalladi. Malla bova battar toriqdi: endi tushuntirish xatini qanday yozib beraman ekan-a, qamab qo‘ysa-ya... Kim aytib bergan bo‘lsa?..
Eshik ochilib, bir melisa kirdi-da, «Boravering, ertaga kelasiz!» dedi.
Ertasi katta choshgohda yana O‘smatga keldi. Qayoqqa kirarini bilmay turgandi, melisalar ichidan yoshgina melisa bola kelib, u bilan so‘rashdi. Tepa qishloqlik Hotam cho‘ponning o‘g‘li ekan. Chol suyunib ketdi:
— Men bir o‘qimagan, avom odam-da, bolam, shuytib-shuytib aytib qo‘yibman. Bir yaxshilik qil, iloyo umring uzoq bo‘lsin.
Hotam cho‘ponning o‘g‘li binoyiday bola ekan. «Tushuntirish xati» yozib berdi. Mana, bo‘ldi o‘zingiz qo‘l qo‘yasiz-da, dedi.
— Qo‘l? Ha, chitib-chitib qo‘yishmi, bilaman, bilaman, pensiyani ham shunday qilib olayapman-da.
Katta melisa ancha dag‘-dag‘a qildi, «Agar yana dohiymizni shunday desa­ngiz, butun umr qamoqda chirib ketasiz!» dedi.
Namozshomda O‘smatdan uyga keldi. Hotam cho‘ponning o‘g‘li yana bir melisa jo‘rasi bilan mashinasida olib kelib qo‘ydi. Malla bova qamab qo‘yadimi, deya juda qo‘rqqandi. Xayriyat-a, yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Bir piyola choy ichib ketinglar, dedi. Melisalar ikkilanib, shoshilyapmiz, ish ko‘p deb turgan edi, shu payt Madumar hovliga qo‘ylarni haydab kirdi. Ko‘k to‘qli eng orqada kelayotgan edi.
— Shoshilinch bo‘lsalaring, mayli, unda shu qo‘y sizlarga nasiba. Madumar, ko‘k to‘qlini ushlab ke, ulim!
... Yukxonasiga ko‘k to‘qli ortilgan mashina tuproq yo‘ldan chang-to‘zon ko‘tarib, katta yo‘lga qarab chiqib borarkan, Malla bova belidan nosqovog‘ini olib, kaftiga qoqdi-da, tuyqus kechagi tushini xotirladi:
— Xah, palakat-a!...

 

 

Linklar
www.islom.uz
www.info.islom.uz
www.muslimaat.uz
www.ziyouz.com
www.mustab.narod.ru
www.muslim.uz
www.madrasa.uz
Bannerlar
Hisoblagich
HotLog
So'nggi yangilanish
04.05.2007
Noqulayik...
Saytdagi ma'lumotlar kiril lotin alifbosida yozilib noqulaylik yuzaga keltirganidan uzr so'raymiz...

 

 
Barcha huquqlar himoyalangan. 2006-2007 designed by Hanif.Dizayn mualliflik huquqiga ega.
 
Hosted by uCoz